Afg’on xalq maqollari

• O’likni ko‘z yosh bilan tiriltirolmaysan.

• Ko‘pam shirin bo‘laverma, yeb qo‘yishadi.

• Yeyishga kelganda soppa-sog‘, ishlashga kelganda ― kasal.

• Uyingdagi zog‘ora noning birovning moyli oshidan afzal.

• Tirik shoqol o‘lik sherdan afzal.

• Odam toshdan qattiq, guldan nozik.

• Eshakni qancha urganing bilan undan ot chiqmaydi.

• Katta it hurisa, kichigi indamay turadi.

• Bir etikka ikki oyoq sig‘maydi.

• Bitta qo‘lda ikki tarvuzni ko‘tarolmaysan.

• Tuyadan: “Nega bo‘yning qiyshiq?” ― deb so‘rashdi. U javob berdi: “Mening qaerim to‘g‘ri?”.

• Arqon ingichka joyidan uziladi.

• Pastga tupursang soqolingga tegadi, tepaga tupursang ― mo‘ylovingga.

• Podadan qolgan qo‘yni bo‘ri yeydi.

• Sochning boshqa og‘irligi tushmaydi.

• Birovning hamma narsasi yoqadi, o‘zingning aqling yoqadi.

• Har ishning o‘z vaqt-soati bor.

• Hammaga o‘z vatani Kashmirdek go‘zal.

• O’zimga yaxshi joy tanlab, kulga o‘tirdim.

• Ochning tushiga non kiradi.

• Ochga yo‘lbarsning terisi ham nondan bo‘lganga o‘xshaydi.

• Mehmonga nimani berishsa, o‘shani yeydi.

• Hadya qilingan otning tishini sanamaydilar.

• Ikki kishi orasida uchinchisi bo‘lmasa bir-birini o‘ldirib qo‘yadi.

• Mullaning aytganini qil, qilganini qilma.

• Bola yig‘lamasa, onasi emizmaydi.

• Chumoli uchun bir qoshiq suv ham ― ummon.

• Yong‘inga begonaniki ham, o‘zingniki ham barobar.

• Chaqirilgan yuzta mehmonga joy topiladi, chaqirilmagan bittasiga topilmaydi.

• Qarz ― baxtsizlik eshigi.

• Sigir ortidan buzoq yuradi.

• Birini qidirib, ikkinchisini yo‘qotasan.

• O’q borib ko‘kragingga kirganidagina xavfni sezdingmi?

• Menda o‘q yo‘g‘-u kamon nimaga kerak?

• Ilon ovchisi ilon zahridan o‘ladi.

• Six ham kuymadi, kabob ham.

• Ko‘zdan uzoq ― qalbdan uzoq.

• Yaxshi so‘z ham bir marta aytilsa yaxshi.

• Qora tovuq ham oq tuxum tug‘adi.

• Yaxshi go‘shtdan ― yaxshi sho‘rva.

• Boylik qanchalik ko‘p bo‘lmasin, uning oxiri bor.

• Ona qanday bo‘lsa, qizi ham shunday.

• Tosh doim kambag‘alning boshiga tushadi.

• Otni taqalashsa baqa ham kaftini uzatarkan.

• Suv boshdan tepada bo‘lsa, bir qarichmi, undan ortiqmi farqi yo‘q.

• Chumolining o‘limi yaqinlashsa, qanoti o‘sadi.

• Shamol bo‘lmasa, daraxt silkinmaydi.

• Echkiga uning shoxi og‘irlik qilmaydi.

• Kimgadir sut yoqadi, kimgadir ― sho‘rva.

• Sigir qora bo‘lsa ham suti oq bo‘ladi.

• Kim birovga chox qazisa, unga o‘zi tushadi.

• Sutdan kuygan qatiqni ham puflab ichadi.

• Sher boshqa sherga tishlarini qarzga bermaydi.

• Daraxt yaproqlari shamolsiz shitirlamaydi.

• Afti ― odam, qalbi ― shayton.

• Har qanday idish kuni kelib sinadi.

• Odamlar har xil: kimdir ― javohir, kimdir ― oddiy tosh.

• Yetimga doim tosh tegadi.

• Bir egarga ikki kishi o‘tirolmaydi.

• O’z ko‘chasida daydi it ham ― yo‘lbars.

• O’z ko‘chasida it ham sherdek olishadi.

• O’z yurtingning qadrini o‘zga yurtda bilasan.

• Ko‘pam achchiq bo‘laverma, tashlab yuborishadi.

• Uchinchi odam bo‘lmaganida ikkalasi yarashib ketishardi.

• Birovga yomonlik qilmasang, senga ham yomonlik qilishmaydi.

• Ko‘rning oldida raqsga tushma, karning oldida qo‘shiq aytma.

• Keyin yig‘lab qolmaslik uchun shoshilma.

• Kirni ushlasang bulg‘anasan.

• O’rdakni sho‘ng‘ishga o‘rgatma.

• Ish qilmasang, xordiq ham yo‘q.

• Yolg‘onchi rost gapirsa ham unga ishonmaydilar.

• O’t bilan suv chiqishmaydi.

• Bir qultum suvga to‘ymaysan.

• Ular sichqon-mushukday ahil.

• Eshak Makkaga borib kelsa ham eshakligicha qoladi.

• Bo‘ridan faqat bo‘ri tug‘iladi.

• “Shakar” deganing bilan og‘zing shirin bo‘lib qolmaydi.

• Daryodan it ichgani bilan u kirlanib qolmaydi.

• O’limidan keyin odamning qadriga yetadilar.

• Oqqan suv orqaga qaytmaydi.

• Bir tosh bilan yuzlab qushni o‘ldirish mumkin.

• Xudoyim mushukkka qanot bermasin-da ― yo‘qsa u hamma qushlarni qirib tashlaydi.

• Xudoyim eshakka shox bermasin-da ― yo‘qsa u hamma ho‘kizlarni suzib tashlaydi.

• Hanjar yarasi bitadi, so‘zniki bitmaydi.

• Qo‘l qo‘lni taniydi.

• Pul kichik, lekin katta ishlarni qilishga qodir.

• Kuch aqlni ham yengishi mumkin.

• Eshakning o‘limi ― itlarga bazm.

• It hurar, karvon o‘tar.

• Hakkalar urushsa, kaptarning pati uchadi.

• Chanqagan odamning tushiga suv kiradi.

• Suv boshidan tiniq.

• Qo‘lda beshta barmoq, hammasi har xil.

• Qora qo‘yning bolasi oq tug‘ilsa-da, bitta bo‘lsa-da qora dog‘i bo‘ladi.

• Bir zarba bilan suvni bo‘lolmaysan, suv bilan olovni qo‘sholmaysan.

• Ilon chaqqan ola arqondan ham qo‘rqadi.

• Aqlliga aytsang bas, nodonga ko‘rsatib ber.

• Aqlli bitta so‘zga tushunadi, nodonga tayoq kerak.

• Cho‘kayotgan odam ko‘pikka ham yopishadi.

• Xo‘roz qichqirgani bilan tong otib qolmaydi.

• Paxta o‘t bilan do‘st bo‘lolmaydi.

• Bo‘lgan ish o‘tib ketdi.

• Buqa atirgulning hidini tushunarmidi?

• Birovning bolasiga achinmaydilar.

• Birovning olovi isitmaydi.

• Birovning eshagi kuchliga o‘xshaydi.

• Ba’zida ko‘r ham hassasini yo‘qotib qo‘yadi.

• Muloyimlik qo‘pollik paytida bilinadi.

• Suv kanalning bo‘sh joyini o‘piradi.

• Hammaga o‘z kashtasi chiroylidek ko‘rinadi.

• Eskigan ipak eshakning egariga ham yaramaydi.

• Birovning qilichi dastasidan o‘zingning o‘rog‘ing afzal.

• Kichkina nayza ham odamni o‘ldirishi mumkin.

• O’t va momiq paxta chiqishmaydi.

• Bitta sigir bulg‘ansa, hamma yoqni bulg‘aydi.

• Yomg‘irdan qochib, tarnovga tutildi.

• Tig‘ yarasi tuzaladi, tuhmat yarasi tuzalmaydi.

• Gilamga qarab oyoq uzat.

• Ko‘tarilishdan so‘ng doim tushish bor.

• G’alvir ko‘zaga qarab “teshik” degan ekan.

• Mishqi bo‘lsa-da o‘z opang yaxshi.

• Tashqarisi ― shirin, ichi ― ari uyasi.

• Donoga aql o‘rgatma.

• Birovning boshmog‘i senga loyiq kelmaydi.

Davronbek Tojialiyev tarjimasi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *